G‘alla yetishtiruvchilardan ortiqcha don talab qilish taqiqlanadi - Bosh prokuratura

O‘rim mavsumi boshidan buyon 170 ming tonnadan ortiq g‘alla don korxonalariga topshirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda g‘alla yetishtiruvchilardan rejadan tashqari don talab qilish taqiqlanadi. Ushbu jarayon prokuratura xodimlari tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Murodilla Abduhakimov ma’lum qildi.
“G‘alla yetishtiruvchilardan rejadan tashqari ortiqcha umuman don talab qilinishiga to‘liq chek qo‘yilib, ushbu jarayon prokuratura xodimlari tomonidan to‘liq nazoratga olindi”, - deya ta’kidladi Abduhakimov.
Unga ko‘ra, o‘rim mavsumi boshidan buyon 170 ming tonnadan ortiq g‘alla don korxonalariga topshirilgan. G‘allaning bir kilogrammi dastlabki narx sifatida 3 ming so‘mdan qabul qilinmoqda. Kelgusida birja narxlaridan kelib chiqqan holda, ushbu narxga yana qo‘shimcha haq to‘lab beriladi.
Hozirga qadar, g‘alla yetishtiruvchilarga 146 mlrd so‘mlik mablag‘ to‘lab berilgan.
Bundan tashqari, o‘tgan yillardan qolgan don qoldig‘i to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ikkita don korxonasida aniqlangan kamomad bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari boshlangani haqida xabar bergan edi.
Ma’lumot uchun, bu yil respublikada 1 mln 32 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarda boshoqli don ekildi. Ushbu maydonlardan 7,8 mln tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan qo‘shimcha 1,1 mln tonna ko‘p don hosilini yetishtirish kutilmoqda.