TOShKENT, 5-iyun — Sputnik.Futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo chempionatining ikkinchi bosqichida g‘alabaga erishdi.
Toshkentdagi "Paxtakor" stadionida Qatarga qarshi bo‘lib o‘tgan bahs 6:0 hisobida o‘zbekistonlik sportchilar foydasiga hal bo‘ldi.
Jasur Jaloliddinov 5-daqiqadayoq hisob ochdi. 20-daqiqada Xojimat Erkinov ikkinchi golga mualliflik qildi. Birinchi bo‘lim oxirida Husayn Norchayev o‘z goli bilan oradagi farqni yanada kattalashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston jamoasi hisobiga yana uchta gol yozildi. 60-daqiqada Ulug‘bek Hoshimov to‘pni raqib darvozasiga joyladi. Keyin qatarlik Yusuf Ayman himoyalanish vaqtida to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Zaxiradan maydonga tushgan Ruslanbek Jiyanov darvozabonni dog‘da qoldirib, hisobni 6:0 ga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu tariqa O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Qatarni yirik hisobda mag‘lub etib, muddatidan avval chorak finaliga yo‘l oldi. Jamoa o‘tgan turda Turkmanistondan ustun kelgan edi.
Terma jamoa 7-iyun kuni guruh bosqichining 3-turida Eron U-23 terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.