Turkiya Ukraina bug‘doyini jahon bozoriga yetkazib berish yo‘llarini izlamoqda

Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT Ukraina portlarida qolgan donni xavfsiz olib chiqish bo‘yicha reja tuzdi.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun - Sputnik. Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT Ukraina portlaridan don mahsulotlarni olib chiqish uchun xavfsiz yo‘lak ochish rejasini tuzmoqda. Bu haqda RIA Novosti “Anadolu” agentligiga asosan xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkiya Ukrainadan g‘allaning jahon bozorlariga xavfsiz yetkazib berilishini ta’minlash mexanizmini shakllantirish maqsadida, ma’lum vaqtdan beri diplomatik sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, Turkiya Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va BMT vakillari ishtirokida olib borilgan muzokaralar natijasida “don yo‘lagi”ning funksionalligini ta’minlash bo‘yicha yo‘l xaritasi tayyorlangan.
OAV xabariga ko‘ra, yaqin kunlarda Istanbulda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Ukraina va BMTning yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda Ukraina portlaridan g‘allani eksport qilish masalasi muhokama qilinadi.
To‘rt tomonlama formatda o‘tkazilayotgan uchrashuvda, kemalar harakati yo‘nalishi, sug‘urta, kema xavfsizlik, portlarni minalardan tozalash, shuningdek, muvofiqlashtirish markazi tarkibi kabi masalalarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Nashrga ko‘ra, Istanbulda muvofiqlashtirish markazining ishga tushirilishi Ukraina portlaridan jahon bozorlariga 20 million tonna donni eksport qilish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta G7 davlatlari Rossiya Ukrainaning qishloq xo‘jaligi eksportiga to‘sqinlik qilayotganini va jahon oziq-ovqat bozorlarida narxlar oshib borayotganida ayblagan edilar. Moskva bu ayblovlarni rad etdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, Ukraina rasmiylarining o‘zlari portlardan chiqish yo‘llarini minalashtirgan va kemalarni chiqib ketishga qo‘yib yubormayapti. Lavrovning ta’kidlashicha, Rossiya bir necha bor tinlik koridorlari orqali kerakli tovarlar yuklangan kemalarni olib chiqishni taklif qilgan. Biroq Kiyevdagilar hamkorlik qilishni istamaydi, ularning “g‘arbiy xo‘jayinlari” esa bunga hech qanday munosabat bildirmayapti.
Odessa dengiz porti sobiq xodimining “RIA Novosti”ga aytishicha, Ukraina, mamlakatda g‘alla taqchilligi tahdidiga qaramay, Yevropa Ittifoqi bosimi ostida o‘z bug‘doy zaxiralarini eksport qilmoqda.