To‘qimachilik sanoatida raqamli savdo joriy qilinadi

To‘qimachilik va tikuvchilik sanoatining barqaror va raqamli transformatsiya jarayonlarini rivojlantirishga 5 mln dollar grant ajratildi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Mamlakatda to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatining barqaror va raqamli transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xorijiy hamkorlar tomonidan 5 mln dollar grant ajratildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova ma’lum qildi.
O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatiga Call To Action dasturi joriy qilindi. Ushbu dastur “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan BMTning Yevropa iqtisodiy komissiya UNECE, xalqaro savdo markazi ko‘magida amalga oshiriladi.
Dastur doirasida quyidagi tadbirlar olib boriladi:
Milliy strategiya va institutsional rivojlanish;
Davlat xizmatchilari va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilarni tayyorlash;
Barqarorlik va sifat standartlari (VSS) bo‘yicha ixtiyoriy ekspertlar tayyorlash;
Xaridorlarni tanlash va yetkazib beruvchilarning kuzatuv-monitoringini oshirish;
Blokcheyn pilot loyihalarini kengaytirish.
Aytilishicha, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasi va undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qo‘yilgan boykot bekor qilinganidan keyin, nafaqat yevropa davlatlariga balki Afrika, Amerika va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan ishlash uchun keng yul ochildi.