TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Umumta’lim maktablarga biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha qabul jarayonlari 20-iyundan boshlanadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, mikrohudud bo‘yicha qabul jarayonlari 31-iyulga qadar davom etadi.
Umumta’lim maktablarining bo‘sh o‘rinlariga mikrohududdan tashqari qo‘shimcha qabul jarayonlari esa 1-15 avgust kunlari amalga oshiriladi.
“Ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda amalga oshiriladi”, - deyiladi xabarda.
Qolgan hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)laridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul an’anaviy shaklda, ya’ni bevosita maktabda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, umumta’lim maktablarining 1-sinfiga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Yangi o‘quv yilida 2015-yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar 1-sinfda o‘qishni boshlashlari mumkin.