Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Rossiya Mudofaa vazirligi: Ukrainadagi xorijiy yollanmalarning katta qismi yo‘q qilindi

Ta’kidlanishicha, xorijiy yollanma askarlar katta yo‘qotishlar sabab Ukrainani tark etishga intilishmoqda, lekin Kiyev unga to‘sqinlik qilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Rossiya Qurolli kuchlari uzoq masofaga uchuvchi yuqori aniqlikdagi qurollar bilan Ukrainaga kelgan yuzlab xorijiy yollanma askarlarni yo‘q qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.
“Ukrainadagi yuzlab xorijlik yollanma askarlar qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tish va taktik bo‘linmalarni muvofiqlashtirish joylariga yetib kelganidan ko‘p o‘tmay Rossiyaning uzoq masofaga uchuvchi qurollari bilan yo‘q qilindi”, - dedi u brifing davomida.
General-mayorning aniqlik kiritishicha, xorijiy yollanmalarning katta qismi tayyorgarlik darajasi pastligi va haqiqiy jangovar tajribasi yo‘qligi sababli jang maydonida yakson qilingan.
Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni o‘z harbiylarining yo‘qotishlarini kamaytirish uchun yollanma askarlarni ayab o‘tirmayapti.
“Asirga olingan yollanmalar so‘roqlarda ularni birinchi navbatda qurbonlikka berishayotganini so‘zlab berishmoqda”, - dedi u.
Yollanma askarlar katta yo‘qotishlar sabab Ukrainani tark etishga intilishmoqda, lekin Ukraina hukumati bunga to‘sqinlik qilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili bugungi kunda Ukrainadagi xorijiy yollanma jangchilar soni ikki baravarga, 6,6 mingdan 3,5 ming kishigacha qisqarganini qayd etdi.
Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi xorijlik yollanma askarlarni tayyorlash markaziga zarba berdi
28 may kuni “The Washington Post” gazetasi Ukrainadagi xorijiy yollanmalar yomon kiyim-kechak bilan ta’minlanish va qurol-yarog‘ yetishmasligidan shikoyat qilishayotgani haqida yozgan edi. Ularning ko‘pchiligi Ukrainani tark etib, uylariga qaytish yo‘llarini izlashmoqda.