TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida 1062,6 mln dollarlik 75 ta savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar berdi.
Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi arafasida O‘zbekiston-Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat rasmiy va ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Forumni O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Tojikiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said ochib berdi.
Forumda tez orada “Oybek” va “Fotexobod” nazorat punktlarining yonida “O‘zbekiston – Tojikiston” chegaraoldi savdo-sanoat zonasini tashkil qilish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
“Savdo-sanoat zonasi tashkil etishdan maqsad - o‘zaro savdo-sotiqni hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni rag‘batlantirishdir. Unda ishlab chiqarish obyektlari, logistika markazlari va zarur infratuzilma joylashgan bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ikki respublika orasida yengil sanoat, qishloq xo‘jalik mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, elektrotexnika, tog‘ - kon sanoati va energetika sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirish niyatlari ma’lum qilindi.
Tadbir doirasida “B2G” va “B2B” formatidagi ishtirokchilarning maqsadli uchrashuvlari o‘tkazildi.