TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Bahodir Abdikarimov Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori etib tayinlandi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Abdikarimov bungacha Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Avvalroq Madaniy meros agentligining sobiq direktori Shahriyor Nurulloyev yarim yilga qolmay lavozimini tark etgani xabar qilingan.
Madaniy meros agentligi o‘z tizimida moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, muzeylar sohasida davlat nazoratini amalga oshirish, arxeologiya tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, muvofiqlashtirish, nazorat qilish, mamlakatimiz va xorijdagi madaniy boyliklarni aniqlash, muhofaza qilish va ularning to‘liq ma’lumotlar bazasini yaratish kabi vazifalarni amalga oshiradi.