Yer usti metro yo‘nalishlari ostidagi yer maydonlari ijaraga beriladi

“Do‘stlik–Qo‘yliq” yer usti metro yo‘nalishi 1–5 bekatlari oralig‘idagi yer maydonlarida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Yer usti metro yo‘nalishlari ostidagi yer maydonlari 5-yil muddatga ijaraga beriladi. Bu nazarda tutilgan Hukumatning 291-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent metropolitenining “Do‘stlik–Qo‘yliq” yer usti metro yo‘nalishi 1–5 bekatlari oralig‘idagi yer maydonlarida quyidagilar tashkil etiladi:
piyodalar va velosiped yo‘laklari;
avtoturargohlar;
aholi sayr qilishi uchun sayilgohlar;
bolalar va sport maydonchalari.
Ushbu yer maydonlari fudtrak hamda yengil turdagi qurilmalarni qurish va joylashtirish mumkin bo‘ladi.
“E–Auksion” savdolari orqali olingan yer uchastkalari ijara huquqi 5-yil muddatga, istisno tariqasida, 12 oyga teng ulushlarda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi.
Tegishli yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilgan holda ularning yer usti metro yo‘nalishlari faoliyatiga ta’sir qilmaydigan qismi Toshkent shahar hokimligi zaxirasiga o‘tkaziladi.