TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2-iyun kuni rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida uni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Yetakchilar o‘rtasida qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi.
So‘ng Rahmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Mehmonga majmuaning mazmun-mohiyati va me’moriy xususiyatlari haqida so‘zlab berildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonga kelgan oliy darajadagi mehmonlar tomonidan ushbu monumentga gul qo‘yish marosimi an’anaga aylangan.
Emomali Rahmonning O‘zbekistonga tashrifi 2-3 iyun kunlari davom etadi.
Kun tartibidan O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor sohalarida amaliy sa’y-harakatlarni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, energetika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda an’anaviy yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishlari ko‘zda tutilgan.
Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan.