Ekologiya qo‘mitasi somon poyasi qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi

Somon poyalari va ularning qoldiqlarini yoqqanlarga BHMning 10 barobarigacha - 3 mln so‘m miqdorda ma’muriy jarima qo‘llaniladi.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi g‘alla o‘rim yig‘imi mavsumi boshlanishi munosabati O‘zbekiston aholisi, fermer xo‘jaliklari va tashkilot rahbarlarini dalalarda somon poya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi.
Qo‘mita barcha xo‘jalik hududlarida yetishtirilgan boshoqli don mahsulotlari o‘rib, yig‘ib olingandan so‘ng, dalalarda somon poya qoldiqlarini yig‘ishtirib olish va ushbu hududlarda yong‘in sodir bo‘lishi kabi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rishni so‘radi.
“Somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligining keskin pasayishi, tuproq strukturasining buzilishi hamda yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikro elementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida ekin yerlarining ball boniteti keskin pasayishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.
Qo‘mita somon poyalari va ularning qoldiqlarining yoqilish holatiga yo‘l qo‘ygan huquqbuzarlarga va yer egalariga nisbatan MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan BHMning 10 barobarigacha (3 mln so‘m) bo‘lgan miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirdi.
Yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarning har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar belgilanadi.
Ma’lumot uchun, somon poya qoldiqlari yonishi natijasida atmosfera havosiga uglerod oksidi, azot oksidi, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi inson sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan zaharli moddalar ajralib chiqadi.