TOShKENT, 2-iyun – Sputnik. BMT Turkiyaning barcha rasmiy hujjatlarda respublika nomini o‘zgartirish haqidagi iltimosini qanoatlantirdi, dedi BMT bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dujarrik RIA Novosti agentligiga.
"Republic of Turkey (Turkiya Respublikasi) Republic of Türkiye deb o‘zgartirildi", — dedi Dujarrik. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘zgartirish Turkiya rasmiylarining murojaatidan so‘ng darhol kuchga kirdi.
Bundan buyon mamlakat nomi Turkey emas, Türkiye deb yoziladi. Alifbo tartibida tuzilgan ro‘yxatlarda Turkiyaning o‘rni o‘zgarmaydi, deya qo‘shimcha qildi Dujarrik.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lining tushuntirishicha, Turkiya nomining imlosini o‘zgartirish Anqaraning “mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish”ga qaratilgan qadamlari doirasida qabul qilingan.