TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. “Qurol to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etish taqiqlandi.
Fuqarolar va maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslarning xodimlari qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi yuzasidan davriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Qonunda xizmat quroliga hamda fuqaroviy qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar ro‘yxatlari ham belgilandi.
“Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar
Prokuratura organlari xodimlari xizmat qurolini va shaxsiy himoya vositalarini qonunchilikda belgilangan tartibda saqlash, olib yurish hamda ulardan foydalanish huquqiga egaligi belgilandi. Ilgari faqatgina olib yurish mumkinligi ko‘rsatilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlar
O‘qotar ov qurolini, pnevmatik ov qurolini hamda uning o‘q-dorilarini haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish yoki musodara qilish asosiy tirikchilik manbai ovchilik bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emasligi belgilandi.
Ov qilish va baliq ovlash, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi.