Putin “Qahramon ona” unvonini qayta tiklash g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

Bu unvonga sazovor bo‘lgan onalarga bir martalik bir million rubl to‘lanadi.
Sputnik
TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Rossiya hukumati “Qahramon ona” faxrli unvonini qayta tiklash niyatida. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Roditelskaya slava” (Iftixorli ota-onalar) ordeni bilan taqdirlangan ko‘p bolali oilalar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Umuman olganda prezidentning ko‘p bolalari oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan farmonini yangilash va kengaytirishga kelishib oldik. Jumladan, buni alohida ta’kidlashni istayman, sovet davrlarida bo‘lgani kabi “Qahramon ona” faxrli unvonini qaytarishga”, - dedi Putin.
Rossiya rahbari bu unvonga sazovor bo‘lgan onalarga bir martalik bir million rubl to‘lanishini qo‘shimcha qildi.
“Qahramon ona” unvori va ordeni SSSRda 1944-yilda ta’sis etilgan edi. U bilan o‘n yoki undan ko‘proq bolani dunyoga keltirgan onalar o‘ninchi farzandi 1 yoshga to‘lgan va qolgan bolalari hayot bo‘lgan taqdirda mazkur orden bilan taqdirlangan. Mukofot egalariga qator imtiyozlar joriy etilgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 1944-1991 yillar davomida O‘zbekistonda yuz mingga yaqin ona “Qahramon ona” ordeni bilan taqdirlangan.