TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirlariga 10 ming mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bola qamrab olinadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, bayram kuni barcha bolalar singari imkoniyati cheklangan hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Ular har yili respublika bo‘ylab tashkil qilinadigan bayram tadbirlarida ishtirok etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida vazirlik va idoralar tomonidan tashkil etilgan tadbirlarga 10 000 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar qamrab olindi.
“2021-2022 o‘quv yilida respublikadagi 86 ta imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida 21 685 nafar aqliy va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’lim oldi. Shuningdek, nogironligi sababli maktablarga kela olmagan 14 059 nafar o‘quvchi uy ta’limiga jalb etildi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida inklyuziv ta’lim tizimi joriy etilgan bo‘lib, 31 ta maktablarda 43 ta inklyuziv sinf tashkil qilindi. Ularda 85 nafar bola tengqurlaridan kam bo‘lmagan holda ta’lim olmoqda.
Hozirda 6 ta “Mehribonlik uylari”, 3 ta SOS bolalar mahallasida 650 nafar bolalar tarbiyalanmoqda. Shuningdek, 121 ta Oilaviy bolalar uyida 770 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola yashab kelmoqda.