Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqildi

Kodeks loyihasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan boshlab uni tugatishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar qamrab olingan.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. Adliya vazirligi Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqdi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyihada tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan boshlab uni tugatishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar nazarda tutilgan.
Tadbirkorlik kodeksi loyihasida 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihalari va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirmoqda.
Kodeks qabul qilinsa yakka tartibdagi tadbirkorlarga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi beriladi. Bunda shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari belgilanadi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilib, “xo‘jalik shirkati” tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda.
3 ta davlat organining 146 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Bunda ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshiriladi.
Hujjatda davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash nazarda tutilgan.
Bunda:
-moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qo‘llaniladi (bundan soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar mustasno);
-bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik subektiga moliyaviy sanksiya va uning mansabdor shaxsiga ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan hollarda, faqat moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi;
-birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subektlari ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajargan, shuningdek, yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi;
-barcha talablarni o‘z ichiga olgan Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlik subektlari uchun imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish va oshkor etish nazarda tutilmoqda. Bunda Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar bo‘yicha javobgarlik belgilash taqiqlanmoqda;
-qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga qabul qilingandan keyin bir yil davomida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taqiqlanadi (yengillashtiruvchi normalardan tashqari).
Shuningdek, hujjatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat subsidiyalarini joriy etishning tartibi ham nazarda tutilgan.
Muhokama 14-iyunga qadar davom etadi.