Aksiz oshishi benzin narxiga ta’sir qilmaydi - “O‘zbekneftgaz”

Aksiz soliq stavkalari o‘zgarishi hisobiga bugungi kunda 1 litri 6 800 so‘mni tashkil qilayotgan Ai-80 markali avtobenzinning chakana narxi oshmaydi.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. 2022-yil 1-iyundan aksiz soliq stavkalari miqdorlarining o‘zgarishi hisobiga “O‘zbekneftgaz” AJ AYoQShlarida benzin narxi oshmaydi. Bu haqda mazkur AJ matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi UNG Petro AYoQShlarida 1-iyundan aksiz soliqlari bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgarishlar hisobiga bugungi kunda 1 litri 6 800 so‘mni tashkil qilayotgan Ai-80 markali avtobenzinning chakana narxi oshmaydi”, deyiladi xabarda.
Neft mahsulotlariga solinadigan aksiz soliq stavkalari:
1 tonna Ai-80 markali avtobenzin: amalda – 240 000 so‘m, 1-iyundan – 275 000 so‘m (o‘zgarish 35 000 so‘m yoki 15 %);
1 tonna Ai-90 va undan yuqori markali avtobenzin: amalda – 275 000 so‘m, 1-iyundan – 275 000 so‘m (o‘zgarishsiz);
1 tonna dizel yoqilg‘isi: amalda – 240 000 so‘m, 1-iyundan – 264 000 so‘m (o‘zgarish 24 000 so‘m yoki 10 %);
1 tonna EKO dizel yoqilg‘isi: amalda – 216 000 so‘m, 1-iyundan – 237 600 so‘m (o‘zgarish 21 600 so‘m yoki 10 %).
Qayd etilishicha, “Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq qator neft mahsulotlari va yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalariga joriy yil 1-iyundan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, AI-80 benzini misolida ko‘rilganida, AYoQShlarda o‘rtacha narx tarkibidagi mavjud soliq va boshqa majburiy to‘lovlar o‘rtacha 71 so‘mgacha (QQS bilan) bo‘lgan miqdorda chakana narxiga ta’sir qilishi mumkin.