Xarid cheklarini bermaslik bilan bog‘liq tekshirish qoidalari o‘zgartiriladi

1 iyundan boshlab fuqarolarning tadbirkorlar ustidan qilgan shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartibi o‘zgartiriladi. Biznesga kamchiliklarni bartaraf etish uchun vaqt beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 30-may — Sputnik. O‘zbekistonda 1-iyundan tadbirkorlarning xarid cheklarini bermasliklari bilan bog‘liq tekshirish qoidalari yumshatiladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) matbuot xizmati xabar bermoqda.
DSQ xabariga ko‘ra, yil boshidan buyon “Soliq” ilovasi orqadi 13 mingga yaqin fuqarodan 66 mingdan ortiq chek bermaslik, plastik kartalarga savdo qilishdan bosh tortish, plastik kartalarga tovarlarni narxini oshirib sotish va boshqa qonunbuzilishlariga oid murojaat kelib tushgan.
Ta’kidlanishicha, onlayn kassa mashinalari orqali urilgan har bir chek soliq organlari ma’lumotlar bazasida aks ettirilib, murojaatchining xabari asosliyligi bevosita ushbu subyektga o‘rnatilgan onlayn nazorat kassa mashinasi ko‘rsatkichlari bilan solishtirilgan. Natijada 30 mingga yaqin murojaat bo‘yicha tekshirish o‘tkazish rad etilgan. Lekin qolgan qismi – 97 foizida haqiqatda chek urilmaganligi bo‘yicha murojaatchilarning xabari o‘z tasdig‘ini topgan.

“Amalga oshirilayotgan tadbirlar soliq to‘lovchilarni jazolash emas, belgilangan soliq siyosati asosida budjetga to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan”, - deyilgan xabarda.

Shu bois 1-iyundan boshlab shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi o‘zgartiriladi. Biznesga kamchiliklarni bartaraf etish uchun vaqt beriladi. Xususan, birinchi marotaba kelib tushgan murojaat bo‘yicha tadbirkorga ta’sirchan moliyaviy jazo choralari ko‘rilmaydi.
Buning o‘rniga u bilan profilaktik suhbat o‘tkaziladi va rasman ogohlantiriladi. Agar u qonunni buzishda davom etsa, ikkinchi murojaat yuzasidan soliq tekshiruvi tashkil etiladi.
Soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ushbu subyekt bo‘yicha takroriy tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
Jamoatchilik nazoratini kengaytirish maqsadida bir fuqaroning 24 soat ichida 2 tadan ortiq hamda 30 kalendar kuni davomida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1-martadan ko‘p murojaat yuborishiga cheklov o‘rnatiladi.
Qolaversa, davlat soliq xizmati organlari xodimlarining huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlari uchun mukofot to‘lanmaydi.