TOShKENT, 30-may — Sputnik. Qishloq xo‘jaligi vazirligi G‘allachilik va dukkakli don ekinlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulla Mansurov respublikada har yili qancha don yetishtirilishi va zaxiralar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda don eksporti amalga oshirilayotgani tufayli respublikada g‘alla urug‘chiligida yangi navlarning yaratilishiga imkoniyatlar, shart-sharoit yaratilmoqda. 50 dan ortiq g‘alla navlari davlat reyestriga kiritilgan. G‘allachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari endi hududiga mos keluvchi istagan g‘alla navlarini chetdan olib kelib, uni ekish orqali yuqori hosil olishlari mumkin.
Mansurov ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda respublika bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik gektaridan 57 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda 64 sentnerga yetdi. 2022-yilda esa, gektaridan 70 sentner don olishni rejalashtirilgan.
“Yana shuniyam aytish kerakki, maydonlarning kengayishi, hosildorlikni ortgani hisobiga respublikada o‘tgan yildagi don zaxirasi 2022-yilning avgust oyigacha yetarli. Iyun oyida esa dalalarimizdan 7 million tonnadan ortiq g‘allaning yangi hosilni yig‘ishtirib olamiz. Ushbu hosil o‘tgan yildagidan 1 million tonnadan ortiq bo‘lishi rejalashtirilmoqda”, - dedi u.
U respublika aholisi iste’moli va boshqa ehtiyojlari uchun 5,5 million tonna don yetarli bo‘lishini qayd etdi. Yana 2 million tonna ortiq don yetishtirish chorva, parranda, baliqni ham oziqlantirishga va bu don orqali boshqa sohalarning rivojlanishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishi xabar qilingan edi.