TOShKENT, 30-may — Sputnik. Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida joylashgan ayrim qishloqlardagi ekin maydonlarini minglab chigirtkalar egalladi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu aks etgan video tarqaldi.
Qashqadaryo viloyati Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati boshlig‘i Shuhrat Qarshiyevning Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, chigirtkalar 1 km maydonga tarqalgan bo‘lishi mumkin. Lekin ular ayni vaqtda maydonlarga zarar yetkazmaydi.
“Hozirda mutaxassislar ishtirokida voqea joyini o‘rganishga yo‘l oldik. Chigirtkalarning turi o‘rganishlar jarayonida ma’lum bo‘ladi. Ular mahalliy yoki marokash chigirtkalari bo‘lishi mumkin”, - deydi Shuhrat Qarshiyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil chigirtkalar viloyatning 125 ming gektarida tarqalishi bashorat qilingan.
Hozirda Dehqonobodda zararli chigirtkalarga qarshi kimoviy ishlov berish tadbirlari o‘tkazilib, u yerda 4 ta maxsus texnikadan foydalanilmoqda. Bu yilgi kurash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish bo‘yicha texnika, yoqilg‘i moylash materiallari va kimoviy vositalar zaxirasi to‘liq yaratilgan.
Chigirtka tuxumlari erta bahorda tuproqning ustki qatlami harorati +22...+25 darajaga yetganda chiqadi. Ular tuxum qo‘ygandan 35-40 kun o‘tgach, tuxumdan chiqishi may oyining o‘rtalarida, may oyida qanot chiqarishi kuzatiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 150 dan ortiq chigirtka turi uchraydi. Shulardan 10 turi qishloq xo‘jalik ekinlari, yaylovlar va boshqa o‘simliklarga katta zarar yetkazishi mumkin.
Chigirtkalar yashash tarziga qarab 2 guruhga to‘da hosil qilib yashovchi marokash, osiyo va voha chigirtkalari hamda mahalliy chigirtkalarga ajratiladi.
Ular O‘zbekistonning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatining dengiz sathidan 250 metr balandliklardagi barcha hududlarida uchraydi. Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Farg‘ona vodiysining yaylovlarida ham keng tarqalgan.