Bolalar kuni munosabati bilan pul tarqatilayotgani haqidagi xabarlar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga prezidentdan sovg‘a sifatida barcha bolalarga 200 ming so‘mdan pul berilishi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Sputnik
TOShKENT, 30-may — Sputnik. O‘zbekistonda 1-iyun kuni munosabati bilan hamma bolalar uchun 200 ming so‘m berilishi to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi direktori Abdulaziz Haydarov AOKAda o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi norasmiy xabarlarga ishongan fuqarolar Xalq banki kassalariga borib, mablag‘ berilishini talab qilishmoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar kuni munosabati bilan pul tarqatilyapti degan mazmunda gap-so‘zlar tarqalmoqda. Ushbu xabarlar mutlaqo yolg‘on, pullar prezident qarorida belgilangan fuqarolargagina tarqatiladi”, - deydi Haydarov.
Avvalroq ayrim toifadagilarga bir martalik yordam puli berilishi xabaridan so‘ng firibgarlar faollashgani xabar qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 25-maydagi qarori bilan, jumladan, faqat “Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga 200 ming so‘mdan bir martalik yordam puli berish belgilangan.