TOShKENT, 29-may — Sputnik. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasiga ega ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun OTMga kirishda qo‘shimcha 4 foizli grant ajratiladi.
Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasining xabar berishicha, tavsiyanoma uchun talabgorlar hujjatlari xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda joriy yilning 30-mayidan 8-iyuniga qadar qabul qilinadi.
Tavsiyanoma olishga talabgorlar:
kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar (oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila);
to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yohud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
nogiron farzandi bo‘lgan, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida (ijarada) yashayotgan, itjimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar bo‘lishi kerak.
Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun berilgan tavsiyanoma abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tavsiyanoma bilan tanlovda ishtirok etgan xotin-qizlar orasidan eng yuqori natija ko‘rsatganlar to‘plagan ballari ketma-ketligiga ko‘ra davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.