TOShKENT, 28-may - Sputnik. Samarqand viloyatidagi “Joyi Soy” mahallasida fuqaro o‘z uyining bir qismini buzib, joyidan 21x12 metrli 11 qavatli mehmonxona qurgan.
Qurilish ishlari loyiha tasdiqlanmasdan, tegishli ruxsatnomalar hamda ekspertiza xulosalari olinmasdan bajarilgan, deyiladi vazirlik xabarida.
Mahalliy qurilish inspeksiya xodimlari tomonidan bir necha bor qurilishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilganiga qaramasdan - fuqaro o‘zboshimchalik bilan qurilishni davom ettirgan.
“O‘zog‘irsanoatloyiha” AJ va hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan 2022-yil 6-may kuni binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, “O‘zog‘irsanoatloyiha”AJning xulosasiga asosan binoning KMK, ShNK talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketganligi o‘z tasdig‘ini topgan hamda binoni buzish bo‘yicha xulosa berilgan, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hududi seysmik faol zona hisoblanadi va bu yerda qurilayotgan har qanday ko‘p qavatli bino, ayniqsa ijtimoiy obyektlar belgilangan qurilish talab va normalariga javob beradigan loyiha, ekspertiza xulosalari hamda tegishli organlarning ruxsatnomalar asosida qurilishi kerak. Aks holda bunday binolar qurilish jarayonida ham foydalanishda ham atrofidagi hududlarga va fuqarolar hayotiga xavf solishi mumkin.