TOShKENT, 27-may — Sputnik. Rossiyalik investorlar Farg‘onada qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlari ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu xaqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Rossiyaning “RosTOK” investitsiya hamkorligi rahbari Andrey Shkurkin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda viloyatda rossiyalik investorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlari ishlab chiqarishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Investorlar maydonlarda o‘g‘itlarni ekin turlariga qarab sinab ko‘rishmoqchi. Agar hosil 35% dan 70 % gacha yaxshi foyda bersa, ular Farg‘onada o‘g‘it ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishadi.
“Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov taklifi bilan Qo‘shtepa, Yozyovon, Rishton, Oltiariq tumanlaridan joy ajratib beriladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, rossiyalik investorlar Farg‘onada zamonaviy mehmonxona qurishni ham rejalashtirishgan.
Ma’lumot uchun, "RosTOK" investitsiya hamkorligi ishlab chiqarishni kengaytirish va parrandachilik xo‘jaliklarining torf va chiqindilarni qayta ishlash uchun yuqori texnologiyali uskunalar va mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun hamkorlarni jalb qiladi.