O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi rahbari o‘zgardi

“Kapitalbank” ATB Kuzatuv kengashi raisi Maqsud Abdusamatov O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi etib saylandi.
Sputnik
TOShKENT, 27-may — Sputnik. O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi rahbar saylandi. Bu haqda Olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi. Unda “Kapitalbank” ATB Kuzatuv kengashi raisi Maqsud Abdusamatov O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi etib saylandi.
Shu kungacha O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Rustam Shoabdurahmonov o‘z xohishiga ko‘ra lavozimdan ozod etildi.
“Oldimizda turgan yirik musobaqalarda sportchi va murabbiylarimizning muvaffaqiyatga erishishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz”, deydi Maqsud Abdusamatov.
Aytilishicha, Rustam Shoabdurahmonovning boshqaruvi davrida qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasida birinchi jahon chempioni yetishib chiqqan. Olimpiya o‘yinlariga ilk bor 3 ta litsenziya qo‘lga kiritilgan.