O‘zbekiston metan emissiyasini kamaytiradi

O‘zbekiston Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga qo‘shildi.
Sputnik
TOShKENT, 27-may — Sputnik. O‘zbekiston BMTning Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha tashabbusiga (Global Methane Pledge) qo‘shildi. Bu haqida Buxoroda 26-27 may kunlari bo‘lib o‘tayotgan Kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi doirasida e’lon qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan "yashil" iqtisodiyotga o‘tish va metan emissiyalarini kamaytirish borasidagi tashabbuslar alohida qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Shuningdek, mazkur tashabbusdan ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun mamlakatimizda xalqaro hamkorlar bilan yaqin hamkorlik asosida energetika, qattiq maishiy chiqindilar va agrobiznes tarmoqlariga e’tibor qaratilib, kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global tashabbus - unga qo‘shilgan a’zolarning 2030-yilgacha global metan emissiyasini 2020-yil darajasidan kamida 30 foizga kamaytirish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarga hissa qo‘shish uchun ixtiyoriy harakatlar qilishga roziligini bildiradi.
Metan atmosferada karbonat angidriddan keyin ikkinchi eng ko‘p tarqalgan modda bo‘lib, harorat ko‘tarilishiga katta ta’sirga ega. Metan atmosferada karbonat angidridga qaraganda 80 baravar ko‘proq issiqlikni ushlab turadi.
Bugungi kunda ushbu tashabbusga 120 ga yaqin davlat qo‘shilgan bo‘lib, ular jahon iqtisodiyotining 70% va metan emissiyalarining yarmini tashkil etadi.