Investitsiyalar vazirligiga yangi vakolatlar berildi

O‘zbekistonda sanoat zonalariga doir burokratiyadan xoli yangi tizim yaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 27-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda sanoat zonalariga loyihani joylashtirish tartibi qayta ko‘rib chiqilib, burokratiyadan xoli yangi tizim yaratilishi ta’kidlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalarni ekspertiza qilish vakolati Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga o‘tkaziladi. Sanoat zonalari bo‘yicha ma’muriy kengashlar tugatilib, ularning vakolatlari Investitsiyalar vazirligiga beriladi.
Shuningdek:
sanoat zonalari ishtirokchilariga imtiyozlarni qo‘llash uchun Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazining xulosasini olish tartibi bekor qilinadi. Bundan buyon nazoratni Davlat bojxona qo‘mitasi amalga oshiradi;
sanoat zonalaridagi yerlar auksionga direksiyalar tomonidan chiqariladi (hozirda hokimlik tomonidan auksionga qo‘yiladi);
investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilganidan keyin kichik sanoat zonalaridagi obyektlarni xususiylashtirishga ruxsat beriladi.
Bularning hisobiga, sanoat zonalariga loyihalarni joylashtirish jarayonidagi bosqichlar amaldagi 5 tadan 2 taga kamayadi, sarf qilinadigan vaqt 3 oydan 1 oygacha qisqaradi.