TOShKENT, 26-may — Sputnik. Fanlar akademiyasi Polimerlar kimosi va fizikasi instituti olimlari ilk bora dunyo bozorida muqobili bo‘lmagan “Kuprumxit”preparatni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Ushbu preparat g‘o‘za va bug‘doy o‘simliklari urug‘larini ekish oldidan ishlov berishda hamda kasallanish holatlarini oldini olishda 0,5 % eritma shaklida qo‘llaniladi.
“Qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘simliklari urug‘larini polimer shaklli preparat bilan kapsulalab ekish natijasida urug‘ni noqulay ob-havo sharoitlaridan himoya qiluvchi polimer plonka hosil bo‘ladi”, - deyiladi xabarda.
G‘o‘za va bug‘doy urug‘larini ushbu preparat bilan kapsulalab ekishda 20 l/t maqbul sarf meyori sifatida aniqlangan.
Preparat g‘allaning qorakuya kasalligida, shuningdek, mevali daraxtlarda – Monilia fructicola, Monilia fructiigena zamburug‘lari chaqiruvchi monolioz kasalligini oldini olish va davolashda 80-85% biologik faollikka ega.