TOShKENT, 26-may — Sputnik. Shu yilning o‘zida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 4984 gektar maydonda dorivor o‘simliklar plantatsiyalari barpo etiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash markazi direktori G‘ayrat Jo‘rayev ma’lum qildi.
Aytilishicha, 8555 tonna dorivor o‘simliklar xom-ashyosini tayyorlash ham rejalashtirilgan.
“Qo‘mita tizimdagi 54 ta davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 195,1 gektar maydonda 8 turdagi (lavanda, rozmarin, mavrak, timan, godji va boshq) noyob dorivor o‘simliklarning tajriba plantatsiyalari barpo etildi”, deydi G‘ayrat Jo‘rayev.
Shuningdek, yangi G‘allaorol, Kogon va Urgut ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari tashkil etildi. Tuman hokimlarining qarorlari bilan yangi tashkil etilgan G‘allaorol ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga 37870 gektar, Kogonga 1000 gektar hamda Urgutga 10577 gektar yer maydonlari ajratilib berildi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda Respublikada 120 turdan ortiq dorivor o‘simliklar rasmiy tabobatda foydalanishga ruxsat berilgan. O‘simliklar tabiiy holda yig‘ib olinadi va madaniy holda o‘rmon fondi yerlarida yetishtiriladi.
Prezidentning PF-139-sonli farmoniga muvofiq, 2022-yildan 2026-yilgacha 36 ming gektar maydonda yangi dorivor o‘simliklar qizilmiya, za’faron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, na’matak, ravoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi.