Toshkentda ShHT davlatlari ekologiya vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

27 may kuni Toshkentda ShHTga a’zo davlatlarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 25-may — Sputnik. 27 may kuni Toshkent shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv gibrid formatda o‘tkaziladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuvda tashkilot kotibiyati vakillari ishtirokida ShHTga a’zo sakkiz davlat delegatsiyalari va ekspertlari zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qiladi.
Shuningdek, atrof-muhit monitoringi, bioxilma-xillik, tabiiy hududlarni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishini yumshatish, ilmiy-texnik hamkorlik, qattiq chiqindilarni boshqarish va kadrlar salohiyatini oshirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashadi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ekologik axborot almashish bo‘yicha ShHTning yagona platformasini birgalikda yaratish dasturi tasdiqlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ShHTga a’zo davlatlarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi 2019 yil 2-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan edi.
ShHTGa a’zo davlatlarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi esa 2021-yil 29-iyulda Dushanbe shahrida tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkiloti - mintaqaviy xalqaro tashkilot bo‘lib, uning tarkibiga Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi.
2001 yilda olti mamlakat rahbarlarii Shanxay xamkorlik tashkilotini tuzish haqida Deklaratsiya imzolashdi. Tashkilotning maqsadi - Markaziy Osiyodagi vaziyatni barqarorlashtirish, davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, deb belgilandi.