Samarqandda yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi

Stansiya yiliga 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 24-may — Sputnik. Samarqandning Nurobod tumanida qurilgan, quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Quyosh fotoelektr stansiyasining umumiy qiymati 100 million dollarga teng.
U yerda yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqariladi va 80 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
“Stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilarning chiqishi oldi olinadi”, - deyiladi xabarda.
Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini o‘n kun davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin.
Stansiya qurilishiga 400 nafar ishchi-xodimlar jalb etilgan bo‘lsa, loyiha ishga tushishi natijasida 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
O‘zbekistonda yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi
Ma’lumot uchun, 2023-yil yakuniga qadar Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanida 220 megavatt bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.