Turkmanistonda Gurbanguli Berdimuhamedovning otiga haykal o‘rnatiladi

Tegishli farmonni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 23-may — Sputnik. Turkmanistonning Axal viloyati hududida Axaltekin zotli Akxan (Oq xon) otiga haykal o‘rnatiladi. Bu haqda dushanba kuni Hukumatning rus tilida chop etiladigan “Neytralniy Turkmenistan” gazetasi xabar berdi, deya yozadi RIA Novosti.
Tegishli farmonni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov imzoladi.
“Xalqning milliy g‘ururi bo‘lgan Axaltekin otlarining shon-shuhratini oshirish maqsadida Turkmaniston Prezidenti farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Axal viloyati xokimligiga “Zvezda sport” xususiy korxonasi bilan Akxan haykalini loyihalash va qurish uchun shartnoma tuzishga ruxsat berildi”, - deyiladi xabarda.
Nashrning ta’kidlashicha, hujjatda qurilish ishlarini 2022-yilning may oyida boshlash va obyektni 2022-yil dekabrida foydalanishga to‘liq shay holatda topshirish ko‘zda tutilgan.
Turkmanistonning “Turkmenportal” axborot saytida keltirilishicha, Akxan Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan shaxsan tarbiyalangan afsonaviy otdir. 2018-yilda u orqa tuyog‘ida 10 metr masofani 4,19 soniyada bosib o‘tgani bilan mashhur bo‘lgan. Ushbu yutuq Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Shuningdek, “Turkmenportal”ga ko‘ra, bu Turkmanistonda Axaltekin otlariga o‘rnatilgan birinchi yodgorlik emas. 2013-yil aprel oyida Axaltekin zotli Po‘latli otiga bag‘ishlangan haykaltaroshlik kompozitsiyasining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tgan va bir yil o‘tgach, Axaltekin zotli Yanardag‘ sharafiga monument ochilgan.