TOShKENT, 23-may — Sputnik. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining ma’muriy markazi bo‘lgan G‘azalkent shahridagi ko‘priklar 11-iyulga qadar yopiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, G‘azalkentdagi ko‘priklarni qayta ta’mirlash maqsadida joriy yilning 23-may kuni soat 12:00 dan 11-iyul soat 17:00 ga qadar Soyliq-Oqtosh yo‘nalishidagi ko‘prikda transportlar harakati cheklanadi.
“Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R6V “Toshkent shahar - Chirchiq shahar – Chimon qo‘rg‘oni avtomobil yo‘lidan Semurg‘ oromgohiga shoxobcha” (Soyliq-Oqtosh yo‘nalishi) avtomobil yo‘lining 0-8 kilometrida joylashgan ko‘priklarni qayta ta’mirlash maqsadida joriy yilning 23-may kuni soat 12:00 dan 11-iyul soat 17:00 ga qadar transportlar harakati cheklanadi”, - deyiladi xabarda.