Belgiya dunyoda birinchi bo‘lib maymun chechagi uchun karantin joriy qildi

Belgiyada maymun chechagi bilan kasallanganlar uchun majburiy 21 kunlik karantin joriy qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 23-may — Sputnik. Belgiya dunyoda birinchi bo‘lib maymun chechagi bilan kasallanganlar uchun 21 kunlik majburiy karantin joriy qildi. Bu haqda “La Libre Belgique” gazetasiga tayanib, RT xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu qaror Belgiya xavf-xatarini baholash guruhi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha mamlakatda uchta maymun chechagi kasalligi aniqlanganidan keyin qabul qilingan.
Endi maymun chechak aniqlangan belgiyalik 21 kunni izolyatsiyada o‘tkazishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, maymun chechagi virusi joriy yilning aprel va may oylarida G‘arbiy Yevropaning bir qancha mamlakatlarida, shuningdek, boshqa qit’alarda tarqala boshlagani ma’lum bo‘ldi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik hozirgacha 14 ta davlatda qayd etilgan. 13-maydan 21-mayga qadar 92 kishida u aniqlangan. Yana 28 kishi bu infeksiyani yuqtirib olgani gumon qilinmoqda. Hozircha birorta ham holat o‘lim bilan tugamagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilmagani xabar qilingan edi. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning mamlakatga kirib kelmasligi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.