TOShKENT, 22-may — Sputnik. O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun imtiyozlar beriladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni imzolagan tegishli farmonda ko‘zda tutilgan.
2025 yil 1-yanvarga qadar yer solig‘i, foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Mablag‘lar dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini kengaytirishga yo‘naltirilishi shart.
2022 yildan 2026-yilgacha 36 ming gektar maydonda yangi dorivor o‘simliklar qizilmiya, za’faron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, na’matak, ravoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi.
Yaratilayotgan har 10 gektar yer maydonidagi dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduq qazish, shuningdek, darolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish maqsadida nasos stansiyasini qurishga suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan har bir metri uchun 600 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi
2022 yil 1-iyundan 100 milliard so‘m quyidagilarga:
fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga – dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga;
dorivor o‘simliklarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oylik “revolver” kreditlar ajratiladi.
Bundan tashqari, dorivor o‘simliklar xomashosidan biologik faol qo‘shimchalar, essensiyalar va ekstraktlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, qadoqlash materiallari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.
Asbob-uskunalar, materiallar, kimoviy preparatlar hamda himoya vositalarini olib kirishda qo‘shimcha qiymat solig‘ini 180 kunga kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.
Eksportni rag‘batlantirish agentligi dorivor o‘simliklar xomashosi hamda undan tayyorlangan biologik faol qo‘shimchalar, essensiyalar va ekstraktlarni eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlarining eksport uchun sarflangan avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplaydi.