O‘zbekistonda ilk bor “Yevro-6” sifatli dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarildi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 1150 tonna “Yevro-6” rusumidagi ekologik toza dizel yonilg‘isini ishlab chiqarildi.
Sputnik
TOShKENT, 20-may — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan “Yevro-6” yuqori sifatli dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” xabar berdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yuqori sifatli ekologik toza bo‘lgan dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish ishlarini yo‘lga qo‘ydi.
“Zavod mutaxassislari tomonidan gazoylni gidrotozalash qurilmasidagi reaktorning ish tartibi uchun eng yaxshi texnologik variantlarni tanlash yo‘li orqali jarayonni optimallashtirish bo‘yicha ishlar bajarildi. Bu esa yuqori ekologik toifadagi dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishni o‘zlashtirish imkonini berdi”, deyiladi xabarda.
Zavodda “Yevro-6” rusumidagi ekologik toza dizel yonilg‘isini ishlab chiqarish muvaffaqiyatli davom ettirildi. Natijada 1150 tonna dizel ishlab chiqarilishga erishildi. Yonilg‘i birja savdolariga ham chiqarildi.
Ma’lumot uchun, “Yevro-6” rusumidagi dizel yonilg‘isi ichki yonuv dvigatellarini atrof muhitga zararini kamaytirishga qaratilgan. Uning tarkibida politiklik aromatik uglevodorodlar massa miqdori 4,0 % dan ko‘p bo‘lmaydi. Oltingugurt massa miqdori 5 mg/kg (ppm)ni tashkil etadi.