Volodin global inqirozning asosiy aybdorlarini aytdi

AQSh, Kanada hamda Shveysariya butun dunyo bo‘ylab kelajakdagi inqirozlar uchun javobgardir, dedi Volodin.
Sputnik
TOShKENT, 19-may — Sputnik. Rossiyaga do‘st bo‘lmagan asosiy uch davlat — AQSh, Kanada hamda Shveysariya energiya va oziq-ovqat narxlarining global o‘sishini qo‘zg‘atdi. Mazkur mamlakatlar butun dunyo bo‘ylab kelajakdagi inqirozlar uchun javobgardir. Bu fikrni payshanba kuni Rossiya Davlat dumasi spikeri Vacheslav Volodin bildirdi.
Parlament a’zosining ta’kidlashicha, Rossiyaga qarshi eng ko‘p sanksiyalarni Amerika Qo‘shma Shtatlari kiritgan (1983 ta). Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalar soni bo‘yicha tuzilgan ro‘yxatda ikkinchi o‘rin Kanadaga (1402 ta), uchinchi o‘rin esa Shveysariyaga (1361 ta) nasib qildi.
Mazkur ro‘yxatning to‘rtinchi o‘rinidan Buyuk Britaniya (1360 ta), beshinchi o‘rinidan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari (1199 ta) joy oldi. Avstraliya (1150 ta) va Yaponiya (902 ta) ham Rossiyaga do‘st bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatida bor.
Volodinning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga qarshi jami 10 536 ta sanksiya joriy qilingan: 2022-yilning 24-fevraliga qadar - 2 754 ta, keyin - yana 7 782 ta.
“Bu davlatlar Rossiyaga qarshi noqonuniy sanksiyalar joriy etib, energiya resurslari va oziq-ovqat narxlarining oshishiga sabab bo‘ldi. Bular butun dunyoda mavjud muammolar hamda bo‘lajak inqirozlarning asosiy aybdorlari”, - dedi Davlat Dumasi spikeri.
Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb kiritayotgan sanksiyalar nafaqat Rossiya, balki butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishi, endi dunyoda oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishi haqida ogohlantirgan edi.
Shuningdek, u SSSR sanksiyalar sharoitida ham katta muvaffaqiyatlarga erishganini aytgan.
“Biz qiyinchiliklarni o‘tgan yillarda qanday yenggan bo‘lsak, endi ham ularni yengib o‘tamiz. Biz bu davrni boshdan kechirishimiz kerak. Iqtisodiyot, albatta, yangi vaziyatga moslashadi”, degandi Rossiya yetakchisi.
Shuningdek, mamlakat bosh vaziri Dmitriy Medvedev Rossiya G‘arbning qo‘shimcha cheklovlari, jumladan, ba’zi amerikalik siyosatchilar e’lon qilgan yangi “jahannam” sanksiyalaridan qo‘rqmasligini bildirgan.