TOShKENT, 19-may — Sputnik. “O‘zbekfilm” kinokonserni va Boshqirdiston milliy kinostudiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Kinematografiya agentligi xabar berdi.
18 may kuni bo‘lib o‘tgan Boshqirdiston bilan mintaqalararo hamkorlik forumi davomida “O‘zbekfilm” kinokonserni direktori Bahodir Odilov va A.Abdrazakov nomidagi Boshqirdiston Milliy kinostudiya direktori Yunir Aminev o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unda hamkorlikda filmlar yaratish, Boshqirdiston poytaxti Ufa shahrida o‘zbek kinosi kunlarini o‘tkazish, hamkorlikda kinoloyihalar ishlash, shuningdek, Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etish rejalashtirilgan.
“Kinematografiya sohasidagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirib, xalqlarimiz o‘rtasidagi bog‘liqlikni, tarixiy o‘tmishimiz va istiqbolli kelajagimizni kino orqali ko‘rsatmoqchimiz. Uchrashuvda o‘zbek kinoijodkorlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan qator loyihalar muhokama qilindi. Umid qilamizki, hamkorligimiz har ikki respublika kinematografiyasi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, - deydi Boshqirdiston kinostudiyasi direktori Yunir Aminev.
Ma’lumot uchun, Boshqirdiston kinostudiyasi 1990-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kungacha kinostudiya tomonidan 100 dan ortiq turli janrdagi filmlar, 90 ga yaqin kinoxronika hikoyalari tayyorlangan.