O‘zbekiston farmatsevtlari Qozog‘istonda xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etishmoqda

O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini "Made in Uzbekistan" brendi ostida uch kun davomida namoyish qilishadi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may - Sputnik. O‘zbekiston farmatsevtlari Qozog‘istonning Olma-ota shahrida bo‘lib o‘tayotgan "KIHE - 2022" xalqaro sog‘liqni saqlash ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbarligida tashkil qilingan O‘zbekiston delegatsiyasida 15 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchi farmkompaniyalar vakillari hamda agentlik mutaxassiclari bor.
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini "Made in Uzbekistan" brendi ostida uch kun davomida namoyish qilishadi.
Ma’lumot uchun O‘zbekiston 2021-yil davomida Qozog‘istonga 7,6 mln. dollarlik dori vositalari va tibbiy buyumlar eksport qilingan.
18 may kuni ish boshlagan "KIHE - 2022" ko‘rgazmada shuningdek Belarus, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston, Xitoy, Polsha, Rossiya va Chexiyadan tashrif buyurgan 170 dan ortiq kompaniya vakillari o‘z ko‘rgazma mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Shuningdek ko‘rgazma doirasida tibbiyot sohasi vakillari uchun konferensiyalar, seminarlar va mahorat darslari ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.