Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

“Azovstal” zavodida taslim bo‘lgan ukrainalik jangarilar soni 1,7 mingdan oshdi – video

O‘tgan sutka davomida “Azovstal" zavodidan yana 771 ukrainalik jangari chiqib, qurolini topshirdi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may — Sputnik. Mariupoldagi “Azovstal” zavodida taslim bo‘lgan “Azov” millatchi bo‘linma jangarilari soni 1,7 mingdan oshdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.
“O‘tgan sutka davomida <…> 771 nafar “Azov” millatchi bo‘linma jangarilari taslim bo‘ldi. 16-maydan buyon jami 1730 jangari, jumladan, 80 yarador asirga tushdi”, - dedi u.
Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, statsionar davolanishga muhtoj yaradorlarga Donesk xalq respublikasining Novoazovsk kasalxonasida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
16 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi “Azovstal” zavodi hududida qurshovda qolgan ukrainalik millatchilar va harbiylar asirga tusha boshlagani haqida xabar bergan edi. Birinchi kun 265 nafar jangari, jumladan, 51 nafar og‘ir yarador qurolini tashlab taslim bo‘lgan. 17-may kuni esa yana 694 kishi asirga tushgani xabar qilindi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, tergovchilar jangarilarni Ukraina rejimining Donbassning tinch aholisiga qarshi jinoyatlari haqidagi jinoiy ish surishtiruvi doirasida so‘roq qilishadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Qurolli kuchlari va DXR mudofaa kuchlari Mariupol shahrini 7-mart kuni qurshab olishgan edi. 21-aprel kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu shahar to‘liq ozod qilinganini e’lon qildi, biroq “Azovstal” zavodida ukrainalik millatchi batalonining ikki mingdan ortiq jangarilari qolayotganini ta’kidlagan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanoat zonasiga hujumni to‘xtatishni, ammo "hatto pashsha uchib chiqa olmaydigan darajada” to‘sib qo‘yishni buyurgan edi.