TOShKENT, 18-may — Sputnik. O‘zbekistonda OTMlarga qabul kvotalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, endi to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilash tartibi joriy etiladi.
Qaror loyihasiga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlari:
Bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
kunduzgi ta’lim shakliga —76 728 nafar;
sirtqi ta’lim shakliga — 27 365 nafar;
kechki ta’lim shakliga — 2 575 nafar;
masofaviy ta’lim shakliga— 3 610 nafar;
magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 11 082 nafar;
xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha — 100 nafar etib tasdiqlangan.
Qayd etilishicha, filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 100 nafar grantlarning buyurtmachisi sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi belgilanadi. Shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilash tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ta’limning masofaviy shakli joriy etiladi. Moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari oliy ta’lim muassasalari Kuzatuv kengashlari tomonidan mustaqil belgilanadi.
Davlat OTMlari to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish 15-iyundan 15-iyulga qadar (15 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi:
- bunda, chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish 15-iyunidan 5-iyuliga qadar (5 iyul kuni ham) amalga oshirish;
- test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini tanlash imkoniyati yaratiladi.
Magistraturada tahsil oluvchi xotin qizlarning to‘lov-kontrakt pullari:
- 2021/2022 o‘quv yilida respublika davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun;
- 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, respublika davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning o‘qishi uchun kontrakt to‘lovlari davlat budjetidan qoplab boriladi.