TOShKENT, 18-may — Sputnik. “Azovstal” zavodi hududida qurshovda qolgan ukrainalik harbiylar asirga tushishda davom etishmoqda. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.
“Azovstal” zavodida qurshovga olingan “Azov” millatchi bo‘linma jangarilari va ukrainalik harbiy xizmatchilar asirga tushishda davom etmoqda. O‘tgan sutka davomida 694 nafar jangari, jumladan, 29 nafar yarador asirga tushdi”, - dedi Konashenkov.
U 16-maydan buyon 959 nafar jangari, jumladan, 80 nafar yarador asirga tushganini ta’kidladi. Yarador ukrainalik harbiylar Donesk xalq respublikasining Novoazovsk kasalxonasiga yotqizilgan.
16 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi “Azovstal” zavodi hududida qurshovda qolgan ukrainalik millatchilar va harbiylar asirga tusha boshlagani haqida xabar bergan edi. Birinchi kun 265 nafar jangari, jumladan, 51 nafar og‘ir yarador qurolini tashlab taslim bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, tergovchilar jangarilarni Ukraina rejimining Donbassning tinch aholisiga qarshi jinoyatlari haqidagi jinoiy ish surishtiruvi doirasida so‘roq qilishadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Qurolli kuchlari va DXR mudofaa kuchlari Mariupol shahrini 7-mart kuni qurshab olishgan edi. 21-aprel kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu shahar to‘liq ozod qilinganini e’lon qildi, biroq “Azovstal” zavodida ukrainalik millatchi batalonining ikki mingdan ortiq jangarilari qolayotganini ta’kidlagan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanoat zonasiga hujumni to‘xtatishni, ammo "hatto pashsha uchib chiqa olmaydigan darajada” to‘sib qo‘yishni buyurgan edi.