TOShKENT, 17-may — Sputnik. Markaziy Osiyo Rossiya uchun imtiyozli hamkordir. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko tashkilotchisi “Valday” klubi bo‘lgan “Rossiya – Markaziy Osiyo: beqarorlik sharoitidagi hamkorlik va taraqqiyot” II Markaziy Osiyo anjumanida ma’lum qildi.
“Rossiya uchun bu mintaqa alohida muhim ahamiyatga ega. Bu tabiiy qo‘shni, imtiyozli hamkor”, - dedi u va bunday maqomga umumiy tarix, kuchli madaniy aloqalar va gumanitar muloqotlar ko‘maklashayotganini qo‘shimcha qildi.
Rudenkoning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillik yillari davrida duch kelgan qiyinchilik va chaqiriqlarga qaramasdan, mintaqa “barqarorlik go‘shasi” bo‘lib qolmoqda.
“Bu yil mintaqa mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30-yilligini nishonlayapmiz. Bu davlatlar katta yo‘lni bosib o‘tishdi va nafaqat mustaqil suveren davlatlar, balki umumiy manfaatlar, vazifalarga ega yagona mintaqa sifatida ham shakllanishdi”, - dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
Uning fikricha, mustahkam hamkorlik haqida quyidagi raqamlar dalolat beradi: Rossiya hududida Markaziy Osiyo mamlakatlarining 4 milliondan ziyod fuqarolari doimiy asosda bo‘lib turishibdi. Rudenko bu hamkorlik ikki tomonlama xususiyatga ega ekanini urg‘uladi: agar mehnat migrantlari Rossiya YaIMning qariyb 8 foizini tashkil etsa, Rossiya, o‘z navbatida, mintaqadagi eng yirik investordir – 2010-yildan 2021-yilgacha jamlangan investitsiyalar hajmi 30,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ham o‘isb bormoqda – o‘tgan yili u 37 milliard dollarga yetgan.