TOShKENT, 16-may - Sputnik. Bugun, 16-may kuni O‘zbekiston xalq baxshisi, Sherobod dostonchiligi maktabi vakili Abdunazar Poyonov 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Abdunazar Poyonov 1949-yil Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 2003-yilda O‘zbekiston xalq baxshisi unvoni bilan taqdirlangan.
Dostonchilik an’analarini Mardonaqul baxshi, Umr baxshilardan o‘zlashtirgan.Abdunazar baxshi repertuaridan “Alpomish”, “Malika ayyor”, “Sherali” va boshqa dostonlar, do‘mbira kuylari hamda Vatanga muhabbat, sadoqat, xalq hayoti mavzularida o‘zi ijod qilgan termalar o‘rin olgan. Xalqaro va respublika baxshi-shoirlar tanlovlari g‘olibi bo‘lgan.