O‘zbekiston va Rossiya olimlari Amudaryo to‘qaylarini o‘rganishda muhim ma’lumotlarni to‘plashdi

Amudaryo to‘qaylariga tashkil etilgan ekspeditsiyada hududning floristik va fitosenotik xilma-xilligi o‘rganildi.
Sputnik
TOShKENT, 16-may — Sputnik. Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi, Buxoro davlat universiteti va Rossiya Fanlar akademiyasi vakillari ishtirokida Amudaryo to‘qaylari hududida ekspeditsiya tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Tadqiqotchilar Amudaryoning o‘rta va quyi oqimlarida, ya’ni Romitan, Tuproqqal’a, Amudaryo, Beruniy, Nukus tumanlarida, shuningdek, Qizilqum davlat qo‘riqxonasi va Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati hududlarini ko‘zdan kechirishdi.
Dala tadqiqotlari davomida o‘rganilgan hududlardagi darolarda to‘qay o‘simliklarining (Populus, Elaeagnus, Salix, Tamarix, Glycyrrhiza) yosh holatlari tahlil qilindi. Bunda 150 dan ortiq geobotanik qaydnoma to‘ldirildi.
Mutaxassislar tadqiqot hududining floristik va fitosenotik xilma-xilligini o‘rganishdi.
“Gidroiqlim va xronologiya ma’lumotlarini olish uchun daryo atroflaridagi muhit va relyefi bir xil bo‘lgan model daraxtlar tanlandi. Har bir tanlangan nuqtadan bitta daraxt va har bir daraxtdan ikkitadan yillik halqa namunalari maxsus jihozlar yordamida olindi”, - deyiladi xabarda.
Landsat va Sentinel fazoviy yo‘ldoshlari orqali olingan 30 dan ortiq kosmik fotosuratlar kalitli poligonlar bilan solishtirilib, hududlarning konturlari belgilandi.
Amudaryo vohasi to‘qay fitosenozlari bioxilma-xilligi dinamikasining xarakterini baholash va α- va β-bioxilma-xilligi indekslaridan foydalangan holda o‘simliklar transformatsiyasining xavotirli indikatorlarini aniqlash uchun ma’lumotlar to‘plandi.
To‘plangan ma’lumotlar asosida quyidagi natijalarga erishiladi:
mintaqaviy gidroiqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq holda keyingi 100-200 yillar davomida O‘zbekiston to‘qay o‘rmonlarining o‘zgarish dinamikasi aniqlanadi;
muzliklarning erishi va daryo vodiysi to‘qay massivlari maydonining o‘zgarishi orasidagi korrelyatsion bog‘liqlik asoslab beriladi;
kelgusida to‘qay o‘simliklari holatining o‘zgarishini aks ettiruvchi matematik model yaratiladi;
masofadan zondlash ma’lumotlarini tahlil qilish asosida fragmentlashgan ekosistemaning antropogen transformatsiyasi bosqichlari ko‘rsatiladi.
Amalga oshirilgan geobotanik qaydnomalar O‘zbekiston o‘simlik jamoalarining ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Ular O‘zbekiston florasining ekologik shkalasini ishlab chiqishda foydalaniladi.
1 / 5
2 / 5
3 / 5
4 / 5
5 / 5