TOShKENT, 16-may — Sputnik. Maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash va infratuzilmasini yaxshilashga ota-onalardan majburiy pul yig‘imlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday ishlarga mahalliy hokimliklar mas’ul. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi (XTV) ma’lum qildi.
Aytilishicha, vazirlikka ota-onalardan maktab ta’miri uchun pul yig‘ilayotganligi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
“Qonunchilikda umumiy ta’lim olish bepul ekanligi kafolatlanganini inobatga olib, maktablardagi har qanday majburiy yig‘imlar noqonuniy hisoblanadi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik maktab rahbarlaridan majburiy pul yig‘ish holatlarini oldini olishni so‘ramoqda.
Maktablarda noqonuniy pul yig‘ilayotgan bo‘lsa bu haqda vazirlikning 71 202-09-09 ishonch telefon raqamiga xabar berish mumkin.
Maktablarga beg‘araz homiylik qilish istagida bo‘lgan fuqarolar buni qonuniy yo‘l bilan, ya’ni xomiylik mablag‘larini maktabning hisob raqamiga o‘tkazgan holda rasmiylashtirishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda maktablarda Kuzatuv kengashlari faoliyat yuritmoqda. Kuzatuv kengashiga o‘quvchilarning ota-onalari, sobiq bitiruvchilar, o‘qituvchi va boshqalar saylanishi mumkin. Kuzatuv kengashi a’zolari budjetdan hamda qo‘shimcha ishlab topilgan mablag‘larni samarali va maqsadli sarflanishini nazorat qilish vakolatiga ega.