TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov va uning tojikistonlik hamkasbi Sirojiddin Muhriddin Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifini muhokama qilishdi.
Ikki mamlakat TIV rahbarlari uchrashuvi Dushanbedagi MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi doirasida bo‘lib o‘tdi.
“Tashqi ishlar idoralari rahbarlari Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi yuzasidan, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni atroflicha muhokama qildilar”, - deyilgan O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabarida.
Vazirlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ikki davlat prezidentlarining bergan topshiriqlarini so‘zsiz bajarish zarurligini ta’kidlashgan.
Tomonlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini imkon qadar tez muddatlarda o‘tkazish zarurligini qayd etdilar.
Joriy yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligi nishonlanishini hisobga olgan holda madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, O‘zbekiston va Tojikiston hududida qo‘shma yirik madaniy tadbirlar uyushtirish yuzasidan yakdil munosabat bildirildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni O‘zbekistonga taklif qilgani xabar qilingan edi.