TOShKENT, 10-may — Sputnik. Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida va O‘zbekistonning Andijon viloyatida o‘zaro savdo uylari ochilishi mumkin. Viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Hamrayev Krasnodar o‘lkasi gubernatori o‘rinbosari Aleksandr Ruppel bilan onlayn muzokaralar chog‘ida shunday taklif bilan chiqdi.
Rossiyalik hamkorlar bilan muloqot davomida vakillar Andijon viloyati va Krasnodar o‘lkasi tadbirkorlari o‘rtasidagi investitsiya, turizm va iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichda davom ettirish yuzasidan fikr almashdilar.
“Shuningdek, Botirjon Hamrayev Krasnodar o‘lkasida Andijon savdo uyini ochish taklifini bildirdi. Jarayonda rossiyalik hamkorlar ham bu boradagi maqsadlari mushtarakligini bildirdilar”, - deyilgan Andijon viloyati hokimligi xabarida.
Bundan tashqari, turizm, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi imkoniyatlar atroflicha muhokama qilindi. Yakunida tomonlar barcha masalalarni yo‘l xaritasiga kiritib, tez fursatlarda hal etishga kelishib olishgan.
Krasnodar o‘lkasi ma’muriyati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Kuban biznesi O‘zbekistonga meva-sabzavot va vino mahsulotlari, shuningdek, oziq-ovqat uskunalarini eksport qilmoqchi. Importdan to‘qimachilik mahsulotlari asosiy qiziqish uyg‘otadi.
300 dan ortiq krasnodarlik tadbirkorlar O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda. Ular orasida kiyim-kechak, poyabzal, charm buyumlar, mebel ishlab chiqaruvchilar bor.