TOShKENT, 13-may — Sputnik. Turkiyaning Bursa shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasi ta’sis etildi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz xabar berdi.
Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Tojikiston va Qozog‘iston vakillari o‘rtasida memarandum imzolandi.
Ushbu Assotsiatsiya inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va ombudsmanlarni o‘zida birlashtirmoqda.
“Tuzilma Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarda bo‘lib turgan fuqarolar huquqlarini ta’minlash sohasidagi masalalarni samarali hal etishga ko‘maklashadi”, deyiladi xabarda.
Yangi assotsiatsiyani tashkil etish yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatova ishtirok etdi.
Assotsiatsiya faoliyati quyidagi sohalarni qamrab olmoqda:
Inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilish yo‘nalishidagi faoliyat hamkorlikda qo‘llab-quvvatlanadi;
Sohasda tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishidagi loyihalar amalga oshiriladi;
Qo‘shma o‘quvlar va seminarlar, ilmiy tadqiqotlar uchun samarali platforma vujudga keladi;
Xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarda hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar kengayadi.
Ma’lumot uchun, 2019-yil 18-19 noyabr kunlari Istanbulda bo‘lib o‘tgan Ombudsmanlarning 2-xalqaro konferensiyasida va keyingi ikki yil davomidagi onlayn uchrashuvlarda assotsiatsiyasini tuzish imkoniyatlari muhokama qilingandi.