O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova qattiq betob bo‘lib qoldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Lola Murotovaga tezda shifo topishni tiladi.
Sputnik
TOShKENT, 13-may — Sputnik. O‘zbekiston Qahramoni, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murodova qattiq betob bo‘lib qoldi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, prezident maslahatchisi o‘rinbosari Abdurashid Juraboyev va men viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazida davolanayotgan Lola opa holidan xabar oldik, davlatimiz rahbarining salomi va tezda shifo topish tilagini yetkazdik”, deydi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Asadovga ko‘ra, ayni paytda respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori D.To‘laganov, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari X.Fozilov, F.To‘rayev, M. Irismetov, tibbiyot fanlari doktori O.Ahmedov va boshqa qator tibbiyot muassasalari direktorlaridan iborat konsilium boshchiligida tajribali shifokorlar tomonidan kerakli muolajalar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Lola Murotova 2019-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. U O‘zLiDeP Siyosiy kengashining 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘zga chiqib, Prezident ayollarga hokimlik lavozimini ishonib topshirsa, ular bu vazifani do‘ndirib bajarishini aytgan.